Yangiliklar

  • Hisoblash !

2026-10-28 00:00:00

21 oktabr — O‘zbek tili bayrami kuni

Har yili 21 oktabr kuni yurtimizda O‘zbek tili bayrami kuni keng nishonlanadi. Bu sana ona tilimizning davlat tili sifatidagi maqomi, milliy o‘zligimiz, ma’naviy merosimiz va madaniy qadriyatlarimizni ulug‘lash bilan bog‘liq muhim kundir. 1989 yil 21 oktabrda O‘zbekistonda «Davlat tili haqida»gi Qonun qabul qilindi. Ushbu tarixiy hujjat bilan o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Bu voqea xalqimizning milliy o‘zligini anglash va mustaqillik sari intilishida muhim qadam bo‘ldi. 2020 yil 10 aprelda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining O‘RQ-615-son Qonuniga muvofiq, 21 oktabr rasman O‘zbek tili bayrami kuni etib belgilandi. O‘zbek tili turkiy tillar oilasiga mansub bo‘lib, ko‘p asrlik adabiy va madaniy taraqqiyot tarixiga ega. U xalqimizning tarixi, urf-odatlari, dunyoqarashi va ma’naviy qadriyatlarini avloddan avlodga yetkazib kelmoqda. Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Muhammad Rizo Ogahiy va boshqa buyuk mutafakkirlar ijodi o‘zbek adabiy tilining boyishi va rivojlanishida beqiyos o‘rin tutadi. Ayniqsa, Alisher Navoiyning turkiy tilda yuksak badiiy asarlar yaratishi ona tilimizning ulkan adabiy imkoniyatlarini namoyon etdi. Bugun o‘zbek tilining nufuzini oshirish, uni ta’lim, ilm-fan, texnologiya, davlat boshqaruvi va xalqaro muloqot sohalarida keng qo‘llash muhim vazifalardan hisoblanadi. Ona tilini asrash faqat uni to‘g‘ri so‘zlash bilan cheklanmaydi. Uning imlo qoidalariga rioya qilish, ilmiy va texnik atamalarni rivojlantirish, sifatli adabiyotlar yaratish, raqamli resurslar va elektron lug‘atlarni boyitish ham til taraqqiyotiga xizmat qiladi. Shu bilan birga, O‘zbekistonda yashovchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analarini hurmat qilish jamiyatdagi bag‘rikenglik va hamjihatlikning muhim asosidir. Ona tili — millatning xotirasi, ma’naviyati va kelajagidir. Uni qadrlash, rivojlantirish va xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish har birimiz uchun muhim vazifadir. Aziz yurtdoshlar, barchangizni 21 oktabr — O‘zbek tili bayrami kuni bilan samimiy muborakbod etamiz! Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!