Yangi qonun
Respublika iqtisodiyoti rivojida mahsulot, jarayon, xizmat ko‘rsatish masalalarida iste’molchilar va davlat huquqlarini himoya qilish, mahsulot sifati, raqobatbardoshligini oshirish, savdoda texnik to‘siqlarni bartaraf etish ustuvor vazifa hisoblanadi.
Rivojlangan davlatlar tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, bu vazifalarni amalga oshirishda akkreditatsiya tizimini xalqaro talablarga moslashtirish mexanizmidan foydalanish yuqori samara beradi.
Milliy muvofiqlikni baholash tizimi xalqaro doirada tan olinishini ta’minlash uchun mintaqaviy Osiyo-Tinch okeani akkreditatsiya hamkorligiga (APAC), Laboratoriyalar akkreditatsiyasi bo‘yicha xalqaro hamkorlik (ILAC) va Xalqaro akkreditatsiya forumi (IAF) tashkilotlariga teng huquqli a’zo bo‘lish yuzasidan oxirgi uch yilda bir qator ishlar qilindi.
Akkreditatsiya organi faoliyati xalqaro ILAC va IAF tashkilotlari talablari asosida tashkil etildi, faoliyatni tartibga soluvchi hujjatlar qabul qilindi, 73 ta akkreditatsiyaga oid ichki hujjatlar to‘plami ishlab chiqildi. Natijada 2022 yil sentyabr oyida Milliy akkreditatsiya tizimi xalqaro doirada baholashdan o‘tkazilib, Akkreditatsiya natijalarini o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi ko‘p tomonlama bitimlarga (ILAC MRA, IAF MLA) qo‘shildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha asosiy muzokaralarni yakunlab, ichki qonunchilikni moslashtirish, yangi standartlarni joriy etish belgilangan edi.
Ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yil 27 fevralda O‘zbekiston Respublikasining “Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish to‘g‘risida”gi qonuni Prezident tomonidan imzolandi.
Qonun Jahon savdo tashkilotining savdodagi texnik to‘siqlar kelishuvi (TBT VTO 5,6,9-moddalar), Yevroosiyo Iqtisodiy Ittifoqi to‘g‘risidagi shartnomasi (54-modda) talablaridan kelib chiqib, Serbiya, AQSH, Kanada, Janubiy Koreya, Yevropa Ittifoqi va MDH davlatlari tajribalari asosida ishlab chiqilgan.
Mazkur qonunga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi akkreditatsiya sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlaydi.
Qonun muvofiqlikni baholash faoliyatini amalga oshirishning majburiy yoki ixtiyoriy xususiyatidan qat’i nazar, muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilishning asosiy yo‘nalishlari, talablarini belgilaydi.
Bu boradagi ishlar tizimli yo‘lga qo‘yilishi natijasida faoliyat yuritayotgan va akkreditatsiyadan o‘tgan muvofiqlikni baholash organlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijalari – muvofiqlik sertifikatlari, sinov va kalibrlash bayonnomalari xorijiy davlatlarda tan olinishiga erishiladi. Milliy sifat infratuzilmasining takomillashishi, O‘zbekistondagi akkreditatsiya idorasining Xalqaro akkreditatsiya tashkilotlarida to‘laqonli ishtirok etishiga xizmat qiladi. Milliy ishlab chiqaruvchilarga qulayliklar yaratilishi, jahon bozorida o‘z o‘rnini topishi, “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” belgisi ostidagi mahsulotlar yangi-yangi eksport bozorlariga savdodagi texnik to‘siqlarsiz chiqishiga imkon yaratadi.
Bu esa respublika eksport salohiyatini oshirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning jahon bozorida o‘z o‘rnini topishiga imkoniyat yaratadi.
Qonun xalqaro darajada akkreditatsiya jarayonlariga va akkreditatsiya organiga qo‘yiladigan talablarni belgilovchi ISO/IEC 17011 xalqaro standarti talablariga muvofiq tayyorlangan va, bu, o‘z navbatida, Milliy akkreditatsiya tizimi xalqaro talablarga muvofiqlashtirilishi, Akkreditatsiya organi esa Xalqaro laboratoriyalarni akkreditatsiya qilish hamkorligi (ILAC) va Xalqaro akkreditatsiya forumi (IAF) faoliyatida to‘la huquqli a’zo sifatida ishtirok etishiga xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun, Milliy akkreditatsiya tizimi ishtirokchilari – maxsus vakolatli davlat organi, akkreditatsiya bo‘yicha kengash, akkreditatsiya organi, akkreditatsiya qilingan sub’ektlar, akkreditatsiya bo‘yicha baholovchilar va texnik ekspertlar, akkreditatsiya bo‘yicha texnik qo‘mitalardan iborat.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 6 oy o‘tgach kuchga kiradi.
B.MELIQULOVA,
O‘zA